“So‘nggi qo‘ng‘iroq”: raqamlar, voqealar va ishonch – 2026

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarda 2025/2026-o‘quv yili yakuniga ko‘ra, 11-sinfni 9 457 nafar, 9-sinfni esa 13 480 nafar o‘quvchi tamomlamoqda. Umumiy bitiruvchilar soni – 22 937 nafar. Endi ularning har biri o‘z yo‘lini tanlaydi: kimdir dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsilini davom ettiradi, yana kimdir Vatanimizda fan, sport yoki ijod yo‘nalishida yangi marralarni zabt etadi.
🇺🇿 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigida shunday dedi:
“Albatta, bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori degani. Sizlar Yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz.”
Yilning asosiy raqamlari:
195 ta medal – o‘quvchilar joriy yilda xalqaro olimpiadalarda qo‘lga kiritgan umumiy medallar soni (shundan 38 tasi oltin).
11 ta medal – Turkiyadagi xalqaro robototexnika olimpiadasida qo‘lga kiritilgan sovrinlar (5 tasi eng yuqori daraja).
30 foizdan ortiq – Agentlik bitiruvchilarining dunyoning TOP universitetlariga (MIT, Garvard, Prinston, Braun, Gonkong va Ivy League) qabul qilingan ulushi.
Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatov – Muhammad al-Xorazmiy maktabi o‘quvchilari sifatida MITga 100 foizlik grant yutgan ilk o‘zbekistonlik bitiruvchilar.
✅ 17 000 dan ortiq – “Mehrli maktab” loyihasi qamrab olgan og‘ir kasal bolalar soni.
1 500 nafar ishtirokchi – “Prezident iqtidorli farzandlari” dasturi doirasida xorijiy universitetlarga maqsadli tayyorlanayotgan yoshlar.
Nutqimda shuni alohida ta’kidlagan edim:
“Maktab yillari – bu orzular shakllangan, ezgu niyatlar qo‘yilgan, ma’naviy poydevor qurilgan bosqichdir. Endi esa sizni yangi marralar, katta mas’uliyat va cheksiz imkoniyatlar kutmoqda. Prezidentimiz aytganidek, sizdek tirishqoq va intiluvchan farzandlar – bizning ishonchimiz, Yangi O‘zbekistonning bebaho xazinasidir.”
Har bir medal, har bir grant va har bir muvaffaqiyat ortida o‘qituvchilarning fidoyiligi mujassam:
“Sizlarning mehnatingiz, bilimingiz va bag‘rikengligingiz tufayli bu yutuqlar mumkin bo‘ldi. Har bir bitiruvchi – sizning mehnatingizning jonli guvohidir.”
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari nafaqat maktab hayotining yakuni, balki katta hayot sari qo‘yilgan ilk qadamdir. Siz, aziz bitiruvchilarni “Yangi O‘zbekistonning oltin fondi” deb atayman.
Hurmat bilan, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori
Sevara Shakirova