Stipendiya – o`quvchiga rag`bat
Prezident ta’lim muassasalari agentligi
#Hamid_Olimjon_va_Zulfiya_nomidagi_ijod_maktabi
Maktab xodimlarining navbatdagi 1.400.000 so`mlik stipendiyasi nizomi tasdiqlandi
Maktab xodimlarining «Hamid Olimjon va Zulfiya» nomidagi choraklikning eng yaxshi oʻquvchisi stipendiyasiga qo`yiladigan talablar:
1. Darslarga qatnashish davomati boshqa oʻquvchilarga nisbatan yuqori boʻlishi (davomat daftarini tekshirish orqali aniqlanadi. Barcha oʻquvchilarga 20 baldan berilib, bir kun dars qoldirgan oʻquvchilardan 1 baldan ayriladi. Masalan: chorak davomida bir oʻquvchi 5 kun dars qoldirsa, unga yakunda 15 ball beriladi);
2. Fanlardagi oʻzlashtirish bahosi boshqa oʻquvchilarga nisbatan yaxshiroq boʻlishi (baho jurnali tekshiriladi va oʻrtacha baho qoʻyiladi. 5 ballik tizimda baholanadi);
3. Ijod maktabi nomlari qo‘yilgan shoir va yozuvchilarning kamida 10 tadan she’rlarini yoddan bilishi. Jamoat ishlarida, shuningdek, ijodiy tanlovlarda, ijtimoiy-madaniy va sport tadbirlarida eng faol boʻlishi kerak. Nomzodlar 5 ballik tizimda baholanadi;
4. Ingliz va rus tillaridan oʻtilgan mavzular yuzasidan matndagi tushirib qoldirilgan 15 ta soʻzni topish (matn audio shaklda taqdim etiladi, har bir toʻgʻri topilgan soʻz uchun bir baldan beriladi);
5. 7-sinflar Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostoni, 8-sinflar Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasi, 9-sinflar Mirkarim Osimning “Zulmat ichra nur” qissasini, 10-11-sinflar Tog‘ay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” badiiy asarlarini oʻqishi (ona tili va adabiyot ustozlarining savollari asosida aniqlanadi, savollar soni 10 ta, har bir toʻgʻri topilgan javob uchun 7-sinfga 1 baldan, 8-9-sinflarga 0.9 baldan, 10-11-sinflarga 0.8 baldan beriladi);
6. Matematika fani oʻqituvchisi tomonidan berilgan beshta misol va masalani ishlay bilishi kerak (5 ballik tizimda baholanadi);
7. Oʻz sinfidagi fanlarni oʻzlashtirishda ortda qolayotgan bir nafar oʻquvchiga fanning oʻzlashtirilishida maktabdan tashqari amaliy yordam berishi kerak (5 ballik tizimda baholanadi);
8. Maktab-internatdagi oʻquvchilarning monitoring natijalari boshqa oʻquvchilarga nisbatan yuqori boʻlishi kerak (Oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari maʼlumoti asosida tayyorlanadi, monitoring ballarining oʻn foizi yaxlit ball sifatida beriladi);
9. Ijodiy ishlarining mavjudligi (raqs, nazm, nasr va tasviriy sanʼat) joriy chorak davomida kamida uchtadan ijodiy ish topshirib, ularni ommaviy axborot vositalarida chiqartirishga yo‘naltirish (5 ballik tizimda baholanadi);
10. G‘azalxon yoshligim. Mumtoz adabiyot, XX asr adabiyotiga mansub aruz vazni namunalaridan, asosan, maktab darsligidan yod olish. 7-8-sinflar 15 ta g‘azal, 10 ta ruboiy, tuyuq, 9-10-11-sinflar 25 ta g‘azal, 15 ta ruboiy, tuyuq yod olish. Yod olgan asarlaridagi badiiy-tasvir vositalarini tahlil qila olish. 10 ballik tizimda baholanadi;
11. Ona tili fanidan ilmiy atamalarga ta’rif berish. 5 ballik tizimda baholanadi;
12. Ota-onalar farzandining darslarda qanchalik darajada ishtirok etishini o‘rganish uchun dars jarayonlariga qatnashishi. 5 ballik tizimda baholanadi;
13. Berilgan mavzu asosida sh’er yozish. 5 ballik tizimda baholanadi.

