info@ijodmaktab.uz +998 72 226 10 12

O`qituvchilarga

08:07 13.01.2021

«Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir»

Abdulla Avloniy

Maktabda o’qituvchi sifatida ishlashni boshlagan ekansiz, quyidagilarga rioya qiling:

  • darsga har doim konspekt bilan kiring, uni darsdan bir kun oldin yozib qo’ying;
  • o’quvchilar oldida o’zingizni yo’qotib qo’ymang, behuda gap gapirmang, juda jiddiy yoki juda quvnoq bo’lmang;
  • o’quvchilarga qo’l ko’tarmang, hech qanday jismoniy jazo belgilamang, o’quvchi sha’niga yomon gap aytmang;
  • dars boshlanishida jurnalga mavzuni yozib, dars oxirida o’quvchilarni baholang;
  • baho – bu rag’bat. Unutmang!
  • imkon qadar dars vaqti o’tirmang, tik turgan holda xonada yurib dars o’tishga odatlaning;
  • tarbiyasi og’ir o’quvchilarga boshqalarga nisbatan yaxshiroq gapirishga harakat qiling – ular o’tish davrida bo’lishi va Sizning har qanday yomon gapingiz ularga juda og’ir botishi mumkin;
  • darslarga kechikmay keling;
  • yosh bolalarga dars o’tayotganingizda ularning yoshiga xos muomala qilishni unutmang;
  • bugungi ishni ertaga qoldirmang – hech qachon xujjatlarni yozishni orqaga surmang;
  • dars jarayonida faningizga oid yangi ma’lumotlarni o’quvchilarga aytib o’tishga harakat qiling. Yangiliklarni esa internetdan yoki televideniyada ko’rganlaringizdan olishingiz mumkin;
  • maktab ichki qoidalariga rioya qilishni boshlashdan avval o’zingizni xurmat qilishni o’rganing;
  • har doim izlanishda bo’ling, Siz tengi o’qituvchilardan bilim jihatidan bir qadam oldinda bo’ling;
  • o’tadigan faningizdan qat’iy nazar kompyuterda ishlashni, matn yozishni, printerdan chop etishni va internetdan foydalanishni o’rganing;
  • chet tillarini o’rganing. Imkoningiz boricha bir nechta tilni o’rganing.
  • qotib qolmang – o’qituvchilik faqat birinchi bosqich ekanligini unutmang – Siz hali buyuk ishlar qilishingiz kerak!
  • faningizga oid kitob yozishga harakat qiling – hech bo’lmaganda kichik qo’llanma chiqarishga urinib ko’ring. Faningiz yoki biror mavzuga oid TV ko’rsatuv, radio eshittirish, sayt yoki biror saytda maqola chiqarishingiz o’zingiz uchun juda yaxshi bo’ladi;
  • darsga xiyonat qilmang!!! Bizning ustozlarimiz o’z darslariga, shu qatorda bizga ham xiyonat qilishmaganligi sababli biz hozir shunday ulug’ darajada ekanligimizni unutmang. Kelajak avlod bizdan ham ulug’ bo’lsin. Darsning bir daqiqasiga ham xiyonat qilmang – oylik maoshingizni halol qilib oling;
  • sinf rahbarining ruxsatisiz hech bir o’quvchining ketishiga ruxsat berib yubormang;
  • tanlovlarda qatnashing va o’qituvchilik malakangizni oshiring;
  • o’qituvchilikda vaqtincha ishlayotgan bo’lsangiz ham, kasbingizga abadiy sodiq qoladigandek yondoshing;
  • har bir soatlik darsni muqaddas biling!