info@ijodmaktab.uz +998 72 226 10 12

Maktab ustavi

23:49 25.04.2017

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi

Jizzax viloyati Jizzax shahar Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi

o`zbek tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining

USTAVI

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Ustav Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi o`zbek tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining (keyingi o`rinlarda – maktab-internati) faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.

2. Maktab-internati o`z faoliyatida O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O`zbekiston Respublikasining “Ta’lim to`g`risida”gi Qonuni va boshqa qonunlarga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining (keyingi o`rinlarda — Agentlik) buyruq, topshiriq va ko`rsatmalariga hamda mazkur Ustavga amal qiladi.

4. Maktab-internati yuridik shaxs hisoblanadi va o`z Ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy g`azna hisob varaqlariga, o`z nomi ko`rsatilgan muhrga (O`zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushiriladi), shtampga va blankalarga ega bo`ladi.

5. Maktab-internati Ustavi Pedagogik kengashda qabul qilinadi, Agentlik rahbari tomonidan tasdiqlanadi va mahalliy davlat hokimiyati organida davlat ro`yxatidan o`tkaziladi.

6. Maktab-internatida ta’lim olish bepul amalga oshiriladi. O`quvchilarning ota-onalari yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarning (keyingi o`rinlarda ota-onalar deb yuritiladi) jamoaviy talabiga ko`ra, o`quvchilarning ta’lim-tarbiyasiga ko`maklashish maqsadida maktab-internatida qo`shimcha pullik ta’lim xizmatlari tashkil etilishi mumkin.

7. Maktab-internatida ta’lim olish tilini tanlash O`zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

8. Maktab-internatining rasmiy nomi:

a) davlat tilida: Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi o`zbek tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati;

to`liq nomi — O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi o`zbek tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati;

qisqartirilgan nomi – Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi o`zbek tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati;

b) rus tilida: Школа-интернат, специализорованная углублённому обучению родному языку и литературе имени Хамида Алимджана и Зульфии;

to`liq nomi — Школа-интернат, специализорованная углублённому обучению родному языку и литературе имени Хамида Алимджана и Зульфии при Агентстве по развитию Президентских, творческих и специализированных школа при Кабинете Министров Республики Узбекистан;

qisqartirilgan nomi — Школа-интернат Хамида Алимджана и Зульфии;

v) ingliz tilida: Creative school named after Hamid Olimjon and Zulfiya;

to`liq nomi – Creative school named after Hamid Olimjon and Zulfiya the Agency for the development of Presidenial, creative and specialized schools under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan;

qisqartirilgan nomi – Creative school named arter Hamid Olimjon and Zulfiya

9. Maktab-internati Jizzax viloyati, Jizzax shahar, Sharof Rashidov ko`chasi 1-uyda joylashgan. Indeks raqami: 130100

2-bob. Maktab-internatining maqsadi va vazifalari

10. Maktab-internatining maqsadi:

ta’lim standartlariga muvofiq maktab-internatining har bir o`quvchisini ta’lim va tarbiya olishi yuzasidan konstitutsiyaviy huquqini ro`yobga chiqarish;

o`quvchi-yoshlar orasidan badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalariga qiziqadigan, iqtidorlilarini saralash, ulardagi iste’dodni yanada rivojlantirish uchun tegishli sharoit yaratish;

zamonaviy bilimlarga ega, erkin fikrlaydigan, jahondagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan ijodkor yoshlarni tarbiyalash bo`yicha ilg`or pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilish;

ijod maktablari o`quvchilarini barcha sohalar bo`yicha bilim, malaka va ko`nikmalarga, keng tafakkurga ega bo`lgan zamonaviy shaxs sifatida voyaga yetkazish;

iqtidorli bolalarga ona tili va adabiyot sohasining sir-asrorlarini o`rgatish bilan birga, ularning dunyo tillarini chuqur o`rganishini ta’minlash hisoblanadi.

11. Maktab-internatining vazifalari quyidagilardir:

o`quvchilarga bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil  fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko`nikmalarini rivojlantiradi;

o`quvchilarda boy adabiyotimiz va ona tilimiz bilan ongli ravishda faxrlanish, ajdodlarga munosib bo`lish, ularda ona xalqimiz tarixi, madaniyati, milliy qadriyatlarga nisbatan hurmat tuyg`ularini shakllantiradi va rivojlantiradi;

o`quvchilarda yon-atrofda va jahonda ro`y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga to`g`ri munosabat bildirish ko`nikmasini, mafkuraviy immunitetni shakllantiradi va dunyoni ma’rifat,  ilm-zakovat,  qalam  bilan  olish  mumkinligi  haqidagi  g`oyani  ular  qalbiga singdiradi;

o`quvchilarga xalq og`zaki ijodi, boy va o`lmas yozma adabiyotlarni chuqur o`rgatadi va ularning mazmun-mohiyatini tahlil qilish, nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo xalqlari uchun sevib o`qiladigan asarlar yaratish, jahon adabiyoti durdonalaridan tarjimalarni amalga oshirish ko`nikmalarini shakllantiradi;

o`quvchilarga chet tillarni chuqur o`rgatish orqali ularda badiiy va ilmiy adabiyotni xorijiy tillarga professional tarjima qilish malakasini shakllantiradi;

ustoz ijodkorlar bilan hamkorlikdagi ustoz-shogird an’anasi asosida tashkil etiladigan mashg`ulotlar orqali yosh ijodkorlarni yuqori saviyada tarbiyalaydi;

ta’lim muassasasi faoliyatiga tegishli normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash hamda ta’lim-tarbiya jarayonining sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

ta’limning maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun barcha zarur tashkiliy, o`quv-uslubiy, moddiy-texnik va psixologik-pedagogik ta’lim-tarbiya muhitini yaratadi.

3-bob. Maktab-internatida talimni tashkil etish

12. Maktab-internatida talim 5 yil (VII-XI sinflar) davom etadi va tayanch umumiy o`rta ta’lim doirasida VII-IX sinflar, umumiy o`rta ta’lim X-XI sinflar bosqichlaridan iborat bo`lib, kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.

Tayanch umumiy o`rta ta’lim o`quvchilarga yo`nalishni ixtiyoriy ravishda tanlash asosida umumta’lim muassasasining X-XI sinflarda, akademik litseylar yoki kasb-hunar maktablarida ta’limni davom ettirish huquqini beradi.

Umumiy o`rta ta’lim (X-XI sinflar) — umumta’lim va ijodiy fanlar dasturlarini o`zlashtirish asosida o`quvchilarda ijtimoiy hayot uchun zarur bilim, ko`nikma va malakalarni egallash, kompetensiyalarni shakllantirish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularning kasb-hunar olishga bo`lgan ehtiyojini shakllantirishga yo`naltiradi hamda ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.

Umumiy o`rta ta’lim — maktab-internati bitiruvchilariga yo`nalishni ixtiyoriy ravishda ta’limni professional ta’lim muassasalari va oliy ta’lim muassasalarida davom ettirish huquqini beradi.

13. Maktab-internatida o`qish-tarbiyaviy ishlar Agentlik tomonidan tasdiqlangan namunaviy o`quv rejaga ko`ra ishlab chiqiladigan o`quv dasturlari asosida amalga oshiriladi.

Maktab-internatidagi o`quv-tarbiya jarayoni bilan bog`liq boshqa masalalar umumiy o`rta ta’limning davlat ta’lim standartiga muvofiq belgilanadi.

14. Maktab-internatida o`quvchilar bepul ovqat bilan ta’minlanadilar. Zaruratga ko`ra o`quvchilarning yashashi uchun turar joy va lozim darajadagi shart-sharoitlar yaratiladi.

15. Tibbiy komissiya xulosasiga asosan bolalarga yakka tartibda uyda yoki masofaviy ta’lim berish tashkil qilinishi mumkin.

16. Maktab-internatida sinfdan tashqari mashg`ulotlar va to`garak ishlari o`quvchilar va ota-onalar xohish-istaklarini, o`quvchilarning qiziqishi, qobiliyatini hisobga olgan holda o`tkaziladi.

4-bob. O`quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning mazmuni

17. O`quv yili ijod maktablarida tegishli yilning 2-sentyabridan kelgusi yilning 25-mayiga qadar davom etadi va to`rtta chorakka bo`linadi.

18. O`quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi: o`quv yilining davomiyligi — 34 hafta;

o`quv haftasining davomiyligi — 6 kun (pedagogik kengash qarori va amaldagi sanitariya qoidalari hamda me’yorlariga amal qilgan holda 5 kunlik o`qish haftasiga o`tish mumkin).

dars mashg`ulotining davomiyligi — 45 daqiqa;

dars mashg`ulotlari oralig`idagi tanaffus 5-10 daqiqa, o`quv kuni o`rtasidagi tanaffusning davomiyligi — 30-50 daqiqagacha).

19. Mehnat to`g`risidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashg`ulotlari o`tkazilmaydi.

20. Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to`g`ri kelib qolgan dars mashg`ulotlarining mavzulari o`quv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashg`ulotlarida o`tkaziladi.

21. O`quv yili davomidagi ta’tillarning muddatlari quyidagicha belgilanadi:

kuzgi ta’til – 4-noyabr kunidan boshlab 6 kalendar kun;

qishki ta’til – 28-dekabr kunidan boshlab 14 kalendar kun;

bahorgi ta’til – 21-martdan boshlab 7 kalendar kun;

yozgi ta’til — oxirgi bosqichli nazorat sinovi o`tkazilgan kundan (bosqichli nazorat o`tkazilmaydigan sinflar uchun o`quv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1-sentyabrgacha;

ta’tilning oxirgi kuni bayram (ishlamaydigan) kunga to`g`ri kelib qolgan taqdirda, dars mashg’ulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi;

22. Maktab-internatida yozgi ta’til kunlari kunduzgi bolalar oromgohlari tashkil etilishi mumkin.

23. Belgilangan me’yorlar bo`yicha tegishli maydonga ega bo`lgan maktab-internatining sinflari to`liqligi 20 nafardan ortib ketishiga yo`l qo`yilmaydi.

Maktab-internatida 2020/2021-o`quv yili davomida mavjud bo`ladigan VI sinfda o`quvchilar soni 30 nafargacha bo`lishiga istisno tariqasida ruxsat beriladi.

24. Tasdiqlangan o`quv rejaga muvofiq maktab-internatida:

ixtisoslik fanlari hamda xorijiy tillar o`quvchilar soni 20 nafar bo`lgan VII-XI sinflarda o`quvchilarni ikki guruhga bo`lib o`qitiladi.

fakultativ mashg`ulotlar (musiqa, tasviriy san’at va chizmachilik, texnologiya va jismoniy tarbiya fanlari) kunning ikkinchi yarmida Agentlik tomonidan belgilangan tartib asosida tashkil etiladi.

25. O`quvchilarning sifatli bilim olishini va ularni talim standartalariga mos holda o`qitish natijalarini nazorat qilishni ta’minlash maqsadida maktab-internatida quyidagi nazorat ish turlari olib boriladi:

joriy nazorat — o`quvchilarning bilim, ko`nikma va malakalarini muntazam ravishda tekshirib borish uchun so`rovlar, testlar, ijodiy ish ko`rinishda kunlik o`tkaziladigan sinovlar ko`rinishida o`tkaziladi;

oraliq nazorat — fanning tegishli bobi, chorak yakunida o`quvchilarning o`zlashtirgan bilim, ko`nikma va malakalarini baholash uchun o`quv dasturining bir qismi tugaganda amalga oshiriladi va u yozma, og`zaki, ijodiy nazorat ishi yoki testlar ko`rinishida olib boriladi;

bosqichli nazorat — o`quv yili tugaganda og`zaki, yozma, ijodiy imtihon hamda test sinovlari ko`rinishida amalga oshirilib, unga asosan o`quvchining yakuniy bahosi, reytingi aniqlanadi va o`quvchini keyingi sinfga o`tkazishga qaror chiqariladi;

yakuniy nazorat — tayanch umumiy o`rta ta’lim va umumiy o`rta ta’lim tugaganidan so`ng davlat attestasiyasi shaklida o`tkaziladi.

Xorijiy tillardan o`quvchilarning o`zlashtirish darajasi xalqaro baholash tizimi asosida aniqlanishi mumkin.

Nazorat turlari belgilangan muddatda tanlov asosida Agentlik tomonidan o`tkazilishi mumkin.

Maktab-internatida ichki va tashqi monitoring Agentlik tomonidan belgilangan tartibda tashkil etiladi.

26. Maktab-internatning VII-VIII va X sinf o`quvchilari tegishli fanlardan bosqichli nazoratlarni muvaffaqiyatli topshirganlaridan so`ng keyingi sinfga o`tkaziladilar.

Tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi va maktab-internati pedagogik kengashi qarori asosida Agentlik bilan kelishilgan holda o`quvchilar yakuniy davlat attestasiyasi  va bosqichli nazoratdan ozod etilishi mumkin.

O`quvchilarga sinfdan sinfga ko`chirish imtihonlari va yakuniy davlat attestasiyasidan ozod bo`lish huquqini beruvchi kasalliklar ro`yxati O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

O`quvchilarning xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari hamda boshqa ko`rik-tanlovlardagi ishtiroki yakuniy davlat attestasiyasi va bosqichli nazorat muddatlariga to`g`ri kelib qolgan taqdirda, ular tegishli yakuniy davlat attestasiyasi va bosqichli nazoratlardan ozod etiladi.

Ularning bilimlarini yakuniy baholash va reytingini aniqlash yillik baholar asosida amalga oshiriladi.

27. Maktab-internatining IX sinfni tugatgan o`quvchilarga davlat namunasidagi tayanch umumiy o`rta ta’lim to`g`risidagi shahodatnoma, XI sinfni muvaffaqiyatli yakunlagan o`quvchilarga umumiy o`rta ta’lim to`g`risidagi davlat namunasidagi attestat beriladi.

VII-IX sinflardagi o`qishi davrida faqat a’lo ko`rsatkichlarga va namunali xulqqa ega bo`lgan, yakuniy davlat attestasiyasini muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga a’lo darajali shahodatnoma beriladi.

A’lo darajali tayanch umumiy o`rta ta’lim to`g`risidagi shahodatnomasi mavjud bo`lgan, maktab-internatining X-XI sinflarida barcha fanlar bo`yicha yakuniy nazoratlar, chorak va yillik baholari a’lo bo`lgan, namunali xulq-atvor va jamoat ishlarida faollik ko`rsatgan bitiruvchilarga a’lo darajali attestat va oltin medal beriladi.

A’lo darajali tayanch umumiy o`rta ta’lim to`g`risidagi shahodatnomasi mavjud bo`lgan, maktab-internatining X-XI sinflarida, barcha fanlar bo`yicha yillik baholari a’lo bo`lgan namunali xulq-atvor va jamoat ishlarida faollik ko`rsatgan bitiruvchilarga kumush medal beriladi.

5-bob. Maktab-internatiga o`qishga qabul qilish

28. Maktab-internatiga o`quvchilarni qabul qilish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda, saralash imtihon asosida VII sinfdan amalga oshiriladi.

Maktab-internatiga iqtidorli o`quvchilarni qabul qilish hamda bo`shab qolgan o`rinlarni to`ldirish uchun saralash imtihonlari Agentlik tomonidan belgilangan qabul kvotasi doirasida amalga oshiriladi.

29. Saralash imtihonlarida yetarli ballarni to`plamagan yoki qatnashmagan o`quvchilarni maktab-internati o`quvchilar safiga qabul qilinishiga yo`l qo`yilmaydi.

6- bob. O`quvchilar sog`lig`ini muhofaza qilish

30. O`quvchilarga tibbiy xizmat ko`rsatish maktab-internatining tibbiyot xodimlari, ular mavjud bo`lmagan hollarda maktab-internatiga tibbiyot muassasalari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Tibbiyot xodimlari maktab-internati rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, o`quv va o`quvchilar turar joyining sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena talablariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, o`quvchilarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va sog`lomlashtirish uchun mas’uldirlar.

Maktab-internati rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam ko`rsatish uchun zarur bo`lgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.

31. Maktab-internati o`quvchilarini har yilgi tibbiy ko`rikdan o`tkazish O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash Vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Maktab-internatida ta’lim-tarbiya jarayonini psixologik jihatdan ta’minlash maktab-internati psixologlari tomonidan amalga oshiriladi.

7- bob. O`quvchilar turar joyidan foydalanish

32. Maktab-internatiga olis hududdan (bitta transport bilan qatnab bo`lmaydigan) qabul qilingan o`quvchilar ota-onalari va ularning o`rnini bosuvchi shaxslarning arizasiga ko`ra bepul o`quvchilar turar joyi (keyingi o`rinlarda — turar joy) bilan ta’minlanadi.

Turar joyda yashashni xohlovchilar soni bino quvvatidan ko`p bo`lgan hollarda birinchi navbatda ota yoki ona qaramog`idan mahrum bo`lgan, kam ta’minlangan, eng uzoq hududdan qatnovchi va qiz bolalar turar joy bilan ta’minlanadilar.

Turar joyda maktab-internati xodimlari, o`quvchilarning oila a’zolari hamda begona shaxslarning yashashiga ruxsat berish qat’iyan man etiladi.

33. Turar joydan foydalanuvchilarning huquqlari:

turar joyning madaniy-maishiy jihozlaridan foydalanish;

foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan jihoz, mebel va boshqa mulklarni ta’mirlash, yangilash hamda maishiy xizmatlardan foydalanishda yuzaga kelgan kamchiliklarni bartaraf etishni so`rab maktab-internati rahbariyatiga murojaat qilish;

turar joyda o`tkaziladigan ommaviy, madaniy, sport va tarbiyaviy tadbirlarda ishtirok etish;

yaratilgan shart-sharoitlar bo`yicha maktab-internati rahbariyatiga takliflar bilan chiqish;

34. Turar joyda yashovchilarning majburiyatlari:

turar joy ichki tartib-qoidalariga rioya qilish;

umumiy foydalanish joylari, yashash xonalari hamda dam olish joylarini har doim toza va saranjom saqlash, undagi jihozlardan to`g`ri va unumli foydalanish;

gaz, elektr jihozlaridan hamda isitish tizimidan foydalanish qoidalariga qat’iy rioya qilish va ulardan oqilona foydalanish;

turar joydan uzoq muddatga ketayotib (yozgi va qishki ta’til, dam olish va boshqa hollar), turar joy rahbarini ikki kun oldin yozma ravishda ogohlantirish;

kundalik ehtiyojga ega bo`lmagan katta hajmdagi shaxsiy va qimmatbaho buyumlarni turar joyning buyumlar saqlash xonasiga topshirish;

turar joyida yashovchilar bilan doimo samimiy, ahil munosabatda bo`lish.

35. Turar joyda yashovchilarga quyidagilar man etiladi:

turar joyi rahbarining ruxsatisiz bir xonadan ikkinchi xonaga ko`chib o`tish;

yashash xonasida kir yuvish;

xonadagi anjomlarni boshqa xonaga ruxsatsiz ko`chirish;

xonadagi elektr tarmoqlarini o`z xohishicha o`zgartirish va qo`shimcha yoritgich o`rnatish, devorlarga rasmlar chizish va yopishtirish;

yashash xonasida begona shaxslarning tunab qolishlari uchun joy berish.

8-bob. Pedagog kadrlar bilan ta’minlash

36. Maktab-internatining o`qituvchisi tegishli fan yo`nalishi bo`yicha kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumot va kamida ikkinchi malaka toifasiga ega bo`lishi lozim.

Maktab-internatida oliy ma’lumotli, kamida ikkinchi malaka toifasiga ega kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatli shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish huquqiga ega.

Pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish sud hukmiga asosan man etilgan yoki yetarli ma’lumot va toifaga ega bo`lmagan shaxslarning maktab-internatida bu faoliyat bilan shug`ullanishiga yo`l qo`yilmaydi.

Maktab-internatida fakultativ mashg`ulotlar, to`garaklar va mahorat darslarini olib borishga jalb etiladigan sport, musiqa, tasviriy san’at va chizmachilik, hunarmandlik sohalarining tor yo`nalishlaridagi mutaxassislarga ehtiyoj mavjud bo`lgan hollarda Agentlikning ruxsati bilan yuqoridagi talablar istisno qilinishi mumkin.

37. Pedagog kadrlar belgilangan tartibda malaka oshirish kurslariga jalb etiladi, ularni qayta tayyorlash vakolatli idoralar tomonidan amalga oshiriladi.

38. Maktab-internatining pedagogik jamoasi a’zolari o`qitish yo`nalishlari (filologiya, tabiiy, aniq, ijtimoiy-gumanitar va boshqa fanlar) bo`yicha uslubiy birlashmalarga birlashadilar.

39. Maktab-internati rahbariyati pedagoglarning obro`-e’tibori va ijtimoiy maqomini, ularning mas’uliyati va kasb-mahoratini oshirish bo`yicha aniq yo`nalishli ishlarni amalga oshiradi, ularning tizimli ravishda malaka oshirishlari va o`z ustida ishlashlari, ta’lim jarayoniga ilg`or pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek yangi o`quv dasturlari joriy etilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

9-bob. Maktab-internatini boshqarish

40. Maktab-internatini boshqarish Agentlik direktorining buyrug`i bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor tomonidan amalga oshiriladi.

Maktab-internati direktorini lavozimidan ozod etish mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

41. Maktab-internati direktori muassasaning tashkiliy-huquqiy, o`quv-tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy va moliyaviy-xo`jalik faoliyatining tashkil etilishiga bevosita mas’ul hisoblanadi.

42. Maktab-internatida pedagogik kengash tuziladi va uning faoliyati Agentlik tomonidan tartibga solinadi. Pedagogik kengash maktab-internati o`quv-tarbiya jarayonining tashkil etilishida oliy boshqaruv organi hisoblanadi.

43. Maktab-internatida qonun hujjatlariga muvofiq jamoat birlashmalari faoliyatko`rsatadi.

44. Maktab-internatining attestasiyadan o`tkazish va akkreditatsiya qilish hamda rahbar va pedagog xodimlarini attestasiyadan o`tkazish va ularga malaka toifalari berish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

10-bob. Ta’lim jarayoni ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari

45. Quyidagilar ta’lim jarayoni ishtirokchilari hisoblanadi:

Maktab-internatining o`quvchilari (keyingi o`rinlarda o`quvchilar deb yuritiladi);

Maktab-internatining pedagoglari (keyingi o`rinlarda o`qituvchilar deb yuritiladi);

Maktab-internatining ma’muriyati (direktor va direktor o`rinbosarlari);

O`quvchilarning ota-onalari.

46. O`quvchilarning huquqlari:

ta’lim standartlariga muvofiq maktab-internatida bepul ta’lim olish;

o`z insoniy qadr-qimmatlarini hurmat qilinishi, vijdon va axborot erkinligini his qilishi, o`z qarashlari va e’tiqodlarini erkin ifoda etish;

turli hil ilmiy faoliyat bilan shug`ullanish, seminarlar, anjumanlar, olimpiadalar, ko`rgazma va tanlovlarda ishtirok etish;

iqtidorini rivojlantirish, ijod maxsullarini namoyon etish;

qo`shimcha (pullik va bepul) ta’lim xizmatidan foydalanish;

qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.

47. O`quvchilarning majburiyatlari:

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi vaqonunlariga, odob-axloq qoidalariga rioya qilish;

mazkur Ustav va maktab-internatining ichki tartib qoidalarini so`zsiz bajarish;

ta’lim standartlari hajmida umumiy ta’lim olish uchun intilish;

dars jadvali asosida darslarga o`z vaqtida kelishi, barcha darslarda ishtirok etish, sababsiz dars qoldirmaslik;

o`quv jarayoni uchun kerak bo`lgan barcha jihozlarni, kundalik daftari, darslik, o`quv qo`llanmalari va daftarlarini to`liq olib kelish;

ushbu Ustavda belgilangan o`quvchi kiyimida kelish;

o`qituvchilar tomonidan berilgan topshiriqlarni o`z vaqtida bajarish;

o`z bilimi va amaliy ko`nikmalarini mustaqil ravishda oshirish va mustahkamlab borish;

Maktab-internati va jamoat topshiriqlarini bajarishda faollik ko`rsatish;

Maktab-internati mulkini asrab-avaylash.

48. O`qituvchilar:

o`zi dars beradigan fanini yaxshi bilishi va yetarli kasbiy mahoratga ega bo`lishi;

Maktab-internati va pedagogik jamoa orasida o`z bilimi, yurish-turishi, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlari, ichki va tashqi madaniyatliligi, namunaviy turmush tarzi, kiyinish madaniyati bilan boshqalarga o`rnak bo`lishlari;

ijtimoiy hayot uchun maqbul bo`lmagan xatti-harakatlar qilishdan saqlanishlari, o`quvchilarining ham xatti-harakatlaridan xabardor bo`lishlari;

Maktab-internati obro`si, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish yo`lida faollik ko`rsatishlari;

kasb mahoratining yuksak darajada bo`lishi, ta’lim oluvchilarning o`quv dasturlarini ta’lim standartlari darajasida o`zlashtirishlarini ta’minlashlari;

o`quvchilar shaxsini hurmat qilishlari va ularni zo`ravonlikning barcha ko`rinishlaridan himoya qilishlari;

o`quvchilarni mavjud qonunlarga, mehnatga, ota-onalarga, ma’naviy, tarixiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashlari, o`quvchilarni bir-birini hurmat qilish, ahillik va inoqlik ruhida tarbiyalashlari;

mashg`ulot o`tkazishga o`z vaqtida va sifatli tayyorgarlik ko`rishlari, o`z kasbiy malakalarini muntazam ravishda oshirib borishlari;

belgilangan muddatlarda yoki malaka oshirishga ehtiyoj tug`ilganda malaka oshirish institutlarida o`z kasbiy mahoratlarini oshirishlari, yosh mutaxassislar esa o`quv yurtini bitirganlaridan keyin uch yildan so`ng malaka oshirishdan o`tishlari;

metodik kengash va metod birlashmalarning faoliyatida va boshqa shakldagi uslubiy ishlarda ishtirok etishlari;

pedagogik kengash va maktab-internati ma’muriyati tomonidan o`tkazilayotgan majlislarda ishtirok etishlari;

o`quvchilarning ota-onalari (ularning o`rnini bosuvchi shaxslar) bilan doimiy  aloqada bo`lishlari;

mustaqil ravishda ta’lim sohasidagi xorijiy tajribani o`rganish, shuningdek o`quvchilarga fan bo`yicha o`z ustida mustaqil ishlashni o`rgatishi lozim;

mazkur Ustav, ichki tartib qoidalarida, maktabning odob-axloq qoidalarida belgilangan kiyinish madaniyati talablariga amal qilishlari lozim.

49. Maktab-internati direktori:

Maktab-internati faoliyatining barcha yo`nalishlari bo`yicha umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, lavozimi bo`yicha pedagogik kengash raisi hisoblanadi;

Maktab-internatining o`quv-tarbiya jarayoni va kundalik faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi, ijro intizomini mustahkamlash, ta’lim berish (o`quv-tarbiya) ishini tashkillashtiradi, maktab-internatining ma’muriy-xo`jalik moliyaviy ishini ta’minlaydi, xavfsizlik texnikasi me’yorlari va qoidalariga rioya qilish tartibini yaratadi;

o`z vakolatlari doirasida har bir xodimiga ularning bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatmalarni beradi;

Pedagogik kengash bilan birgalikda maktab-internatini rivojlantirish strategiyasi, maqsadlari va vazifalarini belgilaydi;

Maktab-internatining rivojlanish dasturlarini, o`quv rejalari, kurslar, fanlar, o`quv-uslubiy hujjatlar, Ustav va ichki tartib qoidalari, odob-axloq qoidalarini ishlab chiqish, tasdiqlash va joriy etish ishlarini amalga oshiradi;

Maktab-internatining yangi o`quv yiliga, kuz-qish mavsumiga tayyor bo`lishini tashkil etadi va ta’minlaydi, Maktab-internatining obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshiradi, qabul qilish dalolatnomalarini imzolaydi;

Maktab-internati faoliyati jarayonida yuzaga keladigan o`quv uslubiy, ma’muriy, moliyaviy, xo`jalik va boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etadi;

pedagog va boshqa xodimlari ishlarini rejalashtiradi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;

kadrlarni tanlash va ishga qabul qilish ishlarini amalga oshiradi, xodimlarning lavozim majburiyatlarini belgilaydi, ularning kasbiy mahoratini oshirish uchun shart-sharoit yaratadi;

dars jadvali, o`qituvchilarning kundalik va yillik ish rejalarini, tarifikatsiya ro`yxatlari va mehnat ta’tillari jadvallarini tasdiqlaydi;

o`quvchilar va xodimlarining salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, sog`lom ovqatlantirish, turar joy uchun kerakli shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi, ularning ishini nazorat qiladi;

jamoa shartnomasi bajarilishini ta’minlaydi, maktab pedagoglar jamoasi, kasaba uyushmasi tashkilotiga ishlash uchun zarur sharoitlar yaratadi;

qonun hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

50. Direktorning o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosari maktab-internati direktorining tavsiyasiga ko`ra Agentlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, bevosita maktab-internati direktoriga bo`ysunadi.

O`z vakolatlari doirasida quyidagi vazifalarini bajaradi:

Maktab-internatidagi o`quv jarayonini tashkil etadi, ijod maktab pedagoglari jamoasiga uslubiy jihatdan rahbarlik qiladi;

o`quv jarayonida xavfsizlik texnikasi me’yorlari va qoidalariga rioya qilinishi tartibini ta’minlaydi;

o`quv ishi bo`yicha hisobotlarni yuritadi va umumiy majburiy ta’lim bo`yicha ishni tashkillashtiradi;

pedagoglar jamoasining faoliyati bo`yicha kundalik va istiqbolli rejalarni tuzishni muvofiqlashtiradi;

o`qituvchilar va boshqa pedagog xodimlarning o`quv rejalarini va dasturlarini bajarish bo`yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;

zaruriy o`quv-uslubiy hujjatlarning ishlab chiqilishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;

ta’lim jarayonining sifatini va o`quvchilarning o`zlashtirish natijalari obyektiv ravishda baholanishini, to`garaklar va qo`shimcha mashg`ulotlar ishini muntazam nazorat qiladi;

pedagog xodimlar tomonidan o`tkazilayotgan darslarni muntazam tashkil etib boradi;

bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o`tkazishga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazish ishlarini tashkil etadi, o`quv jarayonini tashkil etish masalalari yuzasidan ota-onalar (ularning o`rnini bosuvchi shaxslar)ni qabul qiladi;

pedagog xodimlarga yangi dasturlar va pedagogik texnologiyalarni o`zlashtirish va ishlab chiqishda yordam beradi;

o`quv mashg`ulotlari va ta’lim faoliyatining boshqa turlarining jadvallarini tuzadi, vaqtinchalik yo`q bo`lgan o`qituvchilarning darslari sifatli va o`z vaqtida almashtirilishini yoki boshqa o`qituvchi tomonidan o`tilishini ta’minlaydi, qoldirilgan va boshqa o`qituvchi o`rniga o`tilgan darslarni qayd qilish jurnalini yuritadi;

belgilangan hisobot hujjatlari o`z vaqtida tutilishini ta’minlaydi, pedagoglar tomonidan sinf jurnallari va boshqa hujjatlar to`g`ri va o`z vaqtida yuritilishini nazorat qiladi;

pedagog kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo`yishda ishtirok etadi, ularning malakasini va kasbiy mahoratini oshirish ishlarini tashkil etadi, o`quvchilar bilimlarini monitoringi o`tkazishni amalga oshiradi;

uslubiy birlashmalar ishiga rahbarlik qiladi, o`z malakasini oshiradi, xorijiy tajribani o`rganadi hamda samarali deb topilgan metodlardan foydalanish bo`yicha direktorga taklif kiritadi;

pedagoglar va boshqa xodimlarini attestasiyadan o`tkazishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishda ishtirok etadi;

pedagoglar va o`quv-tarbiya xodimlar tarkibining ish vaqtini hisobga olish tabelini yuritadi, imzolaydi va direktorga topshiradi;

direktorning xo`jalik ishlar bo`yicha o`rinbosari ishtirokida ta’lim muassasasini pasportlashtirishni o`z vaqtida va sifatli o`tkazilishini tashkil etadi;

mehnatni muhofaza qilish bo`yicha yo`riqnomalar hamda amaliy va laboratoriya ishlarini bajarish bo`yicha uslubiy ko`rsatmalarda xavfsizlik texnikasi bo`yicha bo`limlar ishlab chiqilishini va muntazam qayta ko`rib chiqilishini tashkil etadi;

qonun hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

51. Direktorning ixtisoslik fanlari bo`yicha o`rinbosari maktab-internati direktorining tavsiyasiga ko`ra Agentlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, bevosita maktab-internati direktoriga bo`ysunadi.

O`z vakolatlari doirasida quyidagi vazifalarini bajaradi:

Maktab-internatidagi ixtisoslik fan o`qituvchilariga uslubiy jihatdan rahbarlik qiladi;

ixtisoslik fan o`qituvchilarning o`quv rejalarini va dasturlarini bajarish bo`yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;

zaruriy o`quv-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqilishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;

o`quvchilarga chuqurlashtirilgan bilim berishning samaradorligini ta’minlaydi;

ta’lim jarayonining sifatini va o`quvchilarning o`zlashtirish natijalari obyektiv ravishda baholanishini, to`garaklar va qo`shimcha mashg`ulotlar ishini muntazam nazorat qiladi;

pedagog xodimlarga yangi dasturlar va pedagogik texnologiyalarni o`zlashtirish va ishlab chiqishda yordam beradi;

pedagog kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo`yishda ishtirok etadi, ularning malakasini va kasbiy mahoratini oshirish ishlarini tashkil etadi, o`quvchilar bilimlarini monitoringi o`tkazishni amalga oshiradi;

ixtisoslik fanlarning uslubiy birlashmalar ishiga rahbarlik qiladi, o`z malakasini oshiradi, xorijiy tajribani o`rganadi hamda samarali deb topilgan metodlardan foydalanish bo`yicha direktorga taklif kiritadi;

direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari bilan hamkorlikda ishlaydi;

qonun hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

52. Direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari maktab-internati direktorining tavsiyasiga ko`ra Agentlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, bevosita maktab-internat direktoriga bo`ysunadi.

O`z vakolatlari doirasida quyidagi lavozim vazifalarini bajaradi:

o`quvchilar bilan sinfdan tashqari va maktabdan tashqari ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rejalashtiradi, tashkil qiladi, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga umumiy uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;

tadbirlar o`tkazilganida o`quvchilar bilan sinfdan va maktabdan tashqari ishlashda xavfsizlik texnikasi me’yorlariga va qoidalariga rioya qilinishini ta’minlaydi, fuqarolarni o`zini o`zi boshqarish organlari va boshqa jamoat tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;

sinf rahbarlari, tarbiyachilar, psixolog, kutubxonachi, to`garak rahbarlarining ishini muvofiqlashtiradi;

ma’naviy-ma’rifiy ishlar sifatini, to`garaklar ishini va maktabdan tashqari tadbirlar o`tkazilishi hamda to`garak jurnallarini yuritilishini ta’minlaydi;

o`quvchilarning darslarga qatnashishi(davomat)ni kundalik nazorat qiladi, surunkali dars qoldirayotgan o`quvchilarni ota-onalar va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ta’limga jalb etish choralarini ko`radi hamda belgilangan namunadagi davomat jurnalini yuritilishini ta’minlaydi;

voyaga yetmaganlar o`rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda profilaktik tadbirlar o`tkazadi;

o`quvchilar va ota-onalari (ularning o`rnini bosuvchi shaxslar) bilan sog’liqni muhofaza qilish, yo`l transport xavfsizligi va boshqa baxtsiz hodisalarni oldini olish yuzasidan tadbirlarni tashkil etadi;

o`quvchilarning mazkur Ustav va ichki-tartib qoidalarida, odob-axloq qoidalarida belgilangan me’yorlarga amal qilinishi ustidan nazorat qiladi;

o`quvchilarning Ustavda belgilangan o`quvchi kiyimida kelishlari, o`quv qurollarini to`liq olib kelishlari yuzasidan nazorat o`rnatadi;

qonun hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

53. Direktorning xo`jalik ishlari bo`yicha o`rinbosari maktab-internati direktorning tavsiyasiga ko`ra Agentlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, bevosita muassasa direktoriga bo`ysunadi.

Direktorning xo`jalik ishlari bo`yicha o`rinbosari ta’lim muassasasi binolarining texnik holatiga, ya’ni saqlanishiga, barcha moddiy boyliklar (inventarlar, turli o`quv ko`rgazmali jihozlar)ning saqlanishiga javobgardir.

O`z vakolatlari doirasida quyidagi lavozim vazifalarini bajaradi:

ta’lim muassasasidagi xo`jalik ishchilarini nazorat qilish, har oyda ishchi- xodimlarni ishga kelganligi haqida tabel tayyorlaydi va to`ldiradi;

moddiy tovar boyliklarning aylanma qaydnomasini yuritadi;

har o`quv yili boshlanguniga qadar barcha jihozlarni, sinf xonalari, fan kabinetlar va o`quv-laboratoriya xonalarni shay holatga keltirish, yangi o`quv yiliga taxt qilib, ro`yxat bo`yicha jihozlar, mebellarni sinf rahbarlariga, kabinet mudirlariga, laboratoriya mudirlariga belgilangan tartibda topshiradi va o`quv yili yakunlanganda ularni butun holatda qabul qilib oladi;

kommunal to`lovlar (gaz, suv, elektr va issiqlik energiyasi) bo`yicha byudjetdan ajratilgan mablag`lardan tejamkorlik bilan foydalanishni tashkil qiladi;

telefon va internet tarmoqlaridan foydalanishda, aloqaning uzluksizligini, sifatini nazorat qilish hamda aloqa buzilgan hollarda tegishli tashkilotlarga xabar berib, aloqani tiklash choralarini ko`radi;

ta’lim muassasasining sanitariya holatini talablar darajasida bo`lishida farroshlar, binoni qo`riqlashda qorovullar, atrof-muhitni obodonlashtirishda texnik xodimlar ishini muvofiqlashtiradi;

bir yilda bir marta jamoat komissiyasi bilan birgalikda moddiy boyliklarni turlari bo`yicha xatlov (inventarizatsiya)dan o`tkazadi;

muassasada ko`kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etadi;

kuz-qish mavsumida issiqlik tizimidan foydalanishda xizmat ko`rsatuvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga asosan issiqlik bosimining yetarli darajada bo`lishini, uning davomiyligini ta’minlaydi, maktab-internati bino va inshootlarining tomlarini, oyna va romlarini, isitish tizimini, kanalizatsiya quvurlarini ta’mirlab kuz-qish mavsumiga tayyor holga keltiradi;

yong’in xavfsizligi asboblarini yetarli darajada bo`lishini nazorat qiladi.

o`quvchilarning turar joy bilan ta’minlash turar joy jihozlarining yaroqliligini ta’minlash, sanitariya-gigiyena qoidalari va me’yorlariga amal qilinishini ta’minlash;

turar joyga biriktirilgan tarbiyachi va navbatchilarning samarali faoliyat olib borishini nazorat qilish.

11-bob. Maktab-internati o`quvchilari uchun yagona maktab formasiga qo`yiladigan talablar

54. Maktab-internati o`quvchilari uchun tasdiqlangan yagona maktab formasida bo`lishi kiyinishda quyidagi talablarga rioya etishi lozim:

-kiyimlarning o`ta tor yoki o`ta keng bichimda bo`lmasligi;

-qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5-15 santimetr pastda bo`lishi;

-o`g`il bolalar uchun shimning uzunligi oyoq to`pig`idan pastda bo`lishi;

-oyoq kiyimining poshnasining 3 santimetrdan baland bo`lmasligi;

-kiyimlarning toza va dazmollangan bo`lishi.

55. Maktab-internati o`quvchilari uchun yagona maktab formasiga qo`yilgan talab, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan umumiy o`rta ta’lim muassasalari o`quvchilari uchun yagona maktab formasiga qo`yilgan talablarga mosligi maktab-internati direktori tomonidan muvofiqlashtiriladi.

56. Maktab-internati o`quvchilari tomonidan maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilinishi maktab-internati rahbariyati, sinf rahbarlari, tarbiyachi, yoshlar yetakchisi va pedagog xodimlar tomonidan nazorat qilib boriladi.

57. Pedagog xodimlar maktab-internati binosi ichida bosh kiyimsiz, klassik-rasmiy uslubdagi kiyim va pardoz (erkaklar: kostyum-shim va galstuk, oq (yoki  oqish) rangdagi ko`ylak, soch va soqol olingan; ayollar: kostyum-yubka, oq (yoki oqish) rangdagi kofta, soch turmaklangan, o`ta qimmatbaho zeb-ziynatlarsiz)da yurishlari lozim.

12-bob. Moliyalashtirish va moddiy- texnik ta’minoti

58. Maktab-internatning faoliyatini moliyalashtirish belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazilgan va tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Maktab-internatiga byudjetdan tashqari qo`shimcha mablag`larni jalb etish byudjetdan moliyalashtirishni kamaytirishga olib kelmasligi lozim.

Maktab-internati o`z Ustavida belgilangan maqsadlarga muvofiq qo`shimcha mablag` topish huquqiga ega.

59. Maktab-internati faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:

O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari;

Maktab-internatining tadbirkorlik faoliyatidan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan shartnoma asosida pulli xizmat ko`rsatish, bino va inshootlarni, jihoz va anjomlarni ijaraga berishdan olingan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning qonun bilan taqiqlanmagan homiylik xayriyalari, mahalliy hamda xalqaro tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

60. Maktab-internati shtatidagi xodimlar soni ijod maktablarining namunaviy shtatlariga muvofiq belgilanadi.

61. Maktab-internati o`quvchilarga bepul umumiy o`rta ta’lim berilishi, turar joy va ovqat bilan ta’minlanishidan tashqari, qo`shimcha (shu jumladan pulli) ta’lim xizmatlari ko`rsatiladi.

62. Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatdan olingan daromad hisobiga sotib olingan mol-mulk maktab-internatining mol-mulki tarkibiga kiritiladi.

Maktab-internatining mol-mulki va pul mablag`lari sarflanishi uchun direktor bevosita javobgar hisoblanadi.

63. Maktab-internati tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy va statistik hisobot yuritiladi.

64. Maktab-internati xodimlarini moddiy va ma’naviy rag`batlantirish hamda ish haqiga ustamalar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

13-bob. Yakuniy qoidalar

65. Maktab-internatining xalqaro hamkorligi xalqaro shartnomalar asosida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan pedagogik axborot va tajriba almashish, pedagog xodimlarning malaka oshirishi hamda stajirovka o`tashi shaklida amalga oshiriladi.

66. Maktab-internati o`quvchilarning ota-onalari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, boshqa ta’lim muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan uzviy aloqada faoliyat ko`rsatadi.

67. Maktab-internatida ularning ish faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan tashkilotlar, jumladan, siyosiy partiyalar va harakatlar tashkil etilishiga, faoliyat yuritishiga yo`l qo`yilmaydi.

68. Maktab-internatining qayta tashkil etish yoki tugatish qonun talablariga muvofiq muassis (ta’sischi) tomonidan amalga oshiriladi.

Tugatilgan maktab-internati (ta’sischisi) o`quvchilarining ota-onalarini roziligi bilan boshqa umumta’lim muassasalariga o`tkazish mas’uliyatini oladi.

69. Maktab-internati tugatilgan taqdirda uning pul mablag`lari va mol-mulkidan, uning majburiyatlarini qoplash bo`yicha to`lovlar chegirilgan holda, qonun hujjatlariga va maktab-internatining amaldagi Ustaviga muvofiq foydalaniladi.

70. Maktab-internatining amaldagi Ustavini qayta ro`yxatdan o`tkazish Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

71. Mazkur Ustav talablari buzilishida aybdor bo`lgan shaxslar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.

Mazkur Ustav Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi o`zbek tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining navbatdan tashqari Pedagogik kengashi 2020-yil 15-iyuldagi 5-sonli yig`ilishida qabul qilingan.